Töğri sözning töqmoği: Erkin Vohidov şeʼri va xulosalar
Feysbukning eslatişiça, bundan roppa-rosa 5 yil oldin quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan ekanman. Umuman olganda öşa 2014-yildagi fikrlarimda hozir ham sobitman, aksinça ortda qolgan yillar, xulosalarimni yanada mustahkamladi. Siz ham bir öqib köring:
«TÖĞRI SÖZNING TÖQMOĞI»
Erkin Vohidovning bir şeʼrini öqib qoldim. Taʼsirlandim. Yengil tilda yozilgan. Lekin maʼnosi katta. 1989-yilda yozilgan bu şeʼr bugungi kunda ham zarraça qadrini yöqotmagan. Baʼzi insonlarning amal egalariga paxta qöyayotganini, ularga yoqiş, yaxşi köriniş uçun özligidan ham voz keçayotganini körib, guvohi bölib turibmiz. Ular uzoqroq "yaşaş", yaxşiroq "umr keçiriş", közga yaxşi köriniş uçun, eh-he, nimalar qilişmoqda. Baʼzan körib, kulging, baʼzan körib, yiğlaging keladi, baʼzan esa ğazabing qaynaydi!
Ammo örtoqlar, menimça, bunday "paxtakorlik"ning umri qisqa. Töğri sözni ayta oliş kerak, heç bölmasa şunga harakat qiliş kerak. Albatta töğri sözni aytuvçilarning duşmani köp böladi. Ular rahbarlarga, yon-atrofdagilarga doim ham yoqavermaydi. "Tili zahar" deyişadi. "Betgaçopar" deb ola qaraşadi. Ular umri davomida turli qiyinçiliklarga duç kelişadi. Ammo bu özlikni yöqotişdan yaxşi-ku.
Ha, azizlar, özlikni yöqotişdan yaxşi.
Şeʼrda ham şunday voqea hayvonlar iştirokida tasvirlangan. Oxirida özligini yöqotmagan ot ğolib keladi, quyon, qöy va eçki esa mağlub.
Ammo... Ammo hayotda doim ham şunday bölaverarmikin? "Yöq" deyişdan oldin, şoşmang. Bir daqiqa öylab oling. Siz oxirini köra olasizmi? Hozir yomonlik, mağlubiyat bölib köringan narsa, aslida yaxşilik, ğalaba bölişi mumkin. Yoki aksinça, bugungi tilyoğmalik ortidan işlari beş bölayotgan laganbardorning qaçondir holiga voy bölişi mumkin.
Axir şunaqa bölişi mumkin-ku, töğrimi?
BÖRI ÇAQIRGAN MAJLIS VA BEODOB OT HAQIDA LATIFA
Börining qorni töydi,
Göşt ham tegdi joniga.
Eçki, quyon, ot, qöyni
Çaqirdi u yoniga.
Dedi: hozir töq paytim,
Foydalanib qolinglar.
Menga daşnomlar aytib,
Tanqid qilib olinglar.
Qani, boşla, quyonboy,
Bir eşitay sözingni.
Botirsan-ku, biyronboy,
Körsatib qöy özingni.
Örtaga çikdi quyon,
Avaylab öz jonini.
Öltirar böri polvon
Qaşlagança qornini.
Quyon dedi: «Ming rahmat,
Menda heç şikoyat yöq.
Sizdek oliy marhamat
Sohibi inoyat yöq.
Men qulingiz na derdim,
Sizga fidodir jonim...»
Böri xursand hayqirdi:
— Barakalla, Quyonim.
Bunça şirinsan, oqil,
Çidaş qiyin, ne deyman.
Hozir töqman, tongda kel,
Nahorga seni yeyman.
Quyon ketdi boş egib,
Munğaygança dilxasta.
Söng qöyga navbat tegib
Minbarga çiqdi asta.
Dedi: Heç vaqt heç böri
Bizdan hol sörgan emas.
Minbar berib, joy törin
Munosib körgan emas.
Bu obrö, bu hurmatdan
Men terimga siğmadim.
Bunday zör marhamatdan
Taʼsirlanib yiğladim.
Bizlar mömin, maʼqul el,
Rahm et, özga ne deyman.
Böri dedi: indin kel,
Seni tuşlikka yeyman.
Qöy köz yoş tökdi baʼrab,
Isyon qilmadi lekin.
Ketarkan mayus qarab,
«Rahmat» deb qöydi sekin.
U ketgaç keldi navbat
Uzunsoqol eçkiga.
Unga tegdi taklif xat
Payşanba kun keçkiga.
Nihoyat oxirgi gap
Navbati otga yetdi,
U börini möljallab
Jağiga çunon tepdi.
Olov saçrab közidan
Börida jon qolmadi.
Ketganiça özidan
Qaytib tura olmadi.
Hamon unutmas otning
Bu işin va der har vaqt:
— Mendek demokratning
Padariga ming laʼnat!
Bemaʼni majlisga men
Ikki dunyo qaytmayman.
Ot — beodob, ot ölsin,
Ziyofatga aytmayman.
Lekin unga tan berib,
Içida «qoyil» dedi.
Quyon, eçki va qöyni
Aytgan vaqtida yedi.
Erkin Vohidov, 1989-yil.
👉 @xushnudbek 👈
