Chevrolet Tracker narxlari va milliy monopoliya muammosi
Manba:Muhrim / Муҳрим
Qozoğistonda Chevrolet Tracker 2017-yildan beri yiğiladi, bizda esa bu yildan boşlandi bu maşinani yiğiş (işlab çiqariş boşqa, yiğiş boşqa).
@davletovuz’ning yozişiça, GM Uzbekistan kelasi haftadan Tracker’ni sotuvga çiqararkan. LT modifikatsiyasi 185 million söm, LT AT (avtomat) modifikatsiyasi esa 215 million sömdan. Cobalt’dan 23 santimetrga kaltaroq moşinga 215 million söm. Hozirça GM Uzbekistan’ning saytida bu haqda biror maʼlumot yöq.
Lekin Chevrolet’ning Qozoğistondagi saytida LT modifikatsiyaning ham, LT AT modifikatsiyaning ham (boşqa modifikatsiyalarning ham) narxlarini köriş mumkin. LT bizning pulda taxminan 143 million söm, LT AT esa 169 million söm. Hatto Kanadagidan ham arzon — Kalgarida LT AT 185 million sömga aylanarkan.
Qozoğistonda maʼnaviyatning ahvoli qanday, ularda ham milliy mentalitet bormi-yöqmi, osmoni qançalik musaffo — bulardan xabarim yöq, albatta. Lekin biz bilan bir vaqtda va deyarli bir şaroitda start olgan bu qöşni mamlakat hozir bizdan ança-munça ilgarilab ketgani — bu sizga va menga yoqadimi-yöqmi — fakt.
Kuni keça Spot’da ham qiziq bir material çiqqandi. Nega Qozoğistonda orqada qolib ketayotganimiz haqida. Ikki mamlakatda loukoster (bileti arzon) aviakompaniya taşkil etiş jarayoni qanday bölgani haqida. Nazarboyev «loukoster oçlaring!» deb buyruq berganidan keyin bir hafta içida qozoq davlat loukosterining loyihasi jamoatçilikka eʼlon qilindi: qayerga uçadi, qanaqa samolyotlarda uçadi, çipta narxi qanday böladi — hammasi aytildi.
52 vatandoş Qozoğistonda yonib ketgaç, Özbekistonda ham loukoster taşkil etiş kerak, degan fikr tuğildi. Prezident Mirziyoyev martdagi qarorida «Özbekiston havo yöllari»ga loukoster taşkil etiş böyiça aniq taklifni 1-maygaça hukumatga kiritiş haqida topşiriq berdi. Bu orada özbek loukosteri 2018-yil oxirigaça işga tuşişi haqida xabarlar paydo böldi-yu, Xudo xohlasa, 2018-yil ham yakuniga yetyapti, mana, loukosterdan darak yöq.
Rossiyaga ketayotgan, u yerdan qaytayotgan hamyurtlarimiz esa hamon qozoq daştlarida buzilib qolayotgan avtobuslarda muzlaşda davom etmoqda.
Şu GM Uzbekistan (yoki milliy avtosanoat) bölmaganida, u Chevrolet Tracker’ni yiğmaganida, sotuvga ham çiqarmaganida edi, şunça gap-söz yöq edi. Bizda esa avtomat-korobka Tracker’ni 215 milliondan ança past narxga sotib oliş imkoni bölardi — çunki içki bozor «mahalliy işlab çiqaruvçini himoya qiliş» maqsadida yopilmagan, bojxonalar oçiq, Sergelidagi maşina bozori esa Tracker’dan yaxşiroq, maʼnan yangiroq va arzonroq maşinalarga töla bölardi.
Bu fikrni hamma monopoliyalarimizga nisbatan qöllasa ham böladi, bunday olib qarasa. Osmonimiz musaffo, maʼnaviyatimiz yuksak, tariximiz buyuk, kelajagimiz undan-da buyuk, faqat bir muammo bor — milliy monopoliyalarimizga asirmiz, xolos.

