Maktablarda geografiya fani soatlari qisqartirilişi
Maktablarda geografiya fanining qisqartirilişi masalasida
Ijtimoiy tarmoqlarda xalq taʼlimi tizimida işlaydigan geografiya fani öqituvçilarining murojaatlari şu kunlarda keng tarqalmoqda. Men ham geografiya fani öqituvçilaridan juda köp maktublar qabul qilyapman (afsuski, xatlarning köpçiligi ğij-ğij imlo xato bilan yozilgan, mayli, bu boşqa masala).
Şikoyatlarda aytilişiça, maktablarda geografiya fani soatlari qisqartirilayotgan ekan. Natijada iş örinlari ham qisqartiriladi, yoki geografiya fani öqituvçilarning oyligi kamayadi.
Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Jamoatçilik kengaşi aʼzosi sifatida uşbu murojaatlarga befarq böla olmayman, albatta.
Ammo mazkur holatda kim haq yoki kim nohaq, aslida geografiya fani dars soatlari qisqartirilişi kerakmi yoki kerak emasmi, degan savollarga tugal javob bermoqçi emasman. Barçasi sabablar, asoslar va oqibatlarga boğliq.
Agar biz xalq taʼlimi tizimini isloh qilib, yangiça va zamonaviy öquv metodologiyasini örnatmoqçi ekanmiz, bunday holda dars soatlari va özi umuman öquv rejasi özgarişi tabiiy. Qaysidir fanlardan, garçi oğriqli bölsa-da, balki butunlay voz keçişimiz kerakdir, qaysidir fanlar böyiça öquvçilarga yuklamalarni kamaytiriş kerakdir, qaysidirlarini öz joyida qoldirib, balki yana boşqa bir fanning soatini köpaytiriş talab etilar. Taʼlim ölik va qotib qolgan mexanizm emas, u xuddi tirik organizm kabi zamonga qarab özgarişi, moslaşişi kerak. 100-yildan buyon şunaqaku, endi nega bunaqa bölmayapti, deyiş notöğri.
Ammo bu özgarişlar adolatli va xolisona bölişi, imkon qadar oğriqsiz rejalaştirilişi kerak. Şunga köra, Xalq taʼlimi vazirligi geografiya fani masalasida matbuot anjumani taşkil qilib, keng jamoatçilikka yuzaga kelgan vaziyat böyiça batafsil tuşuntiriş berişi, öz qarorini asoslaşi kerak. Öqituvçilar [va agar bölsa kasaba uyuşmalari] bilan muzokaralar olib borişi, ularning vajlarini tinglaşi şart. Şundagina biz asl haqiqat qayerdaligini bilişimiz mumkin böladi va şundan keyingina holat böyiça biror yakuniy xulosaga kela olamiz.
Hozirça faqat öqituvçilarning şikoyati balandroq eşitilmoqda, ammo vazirlik tarafdan bunga munosib javob kelayotgani yöq.
Umid qilamanki, tez orada geografiya fani öqituvçilarining şikoyat va eʼtirozlari böyiça vazirlikning pozitsiyasini eşitamiz. Balki yuzaga kelgan muammoli vaziyatning biror optimal va xolis yeçimi ham topilib qolar.
👉 @xushnudbek 👈
- 👍 1930

