Qonuniy va adolatli qarorning farqi nimada
Xushnudbek.uzMatn3 daqiqa0tahrirlanganManba:Xushnudbek.uz
#arxiv
2017-yil 7-dekabrdagi post:
Qonuniy qaror bilan adolatli qarorning farqi bormi yoki ikkalasi birmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Farğona viloyatining Qöqon şahrida Konstitutsiyamizning 25 yilligi munosabati bilan örnatilgan banner keng muhokama qilinmoqda. Unda imloviy xatolar bilan yozilgan “Nimaiki qonuniy bölsa, u adolatlidir” degan ibora aks etgan. Imloviy xatolar qismiga indamayman, bunday muammolar haqida köp gapirganmiz. Barçasi taʼlimga borib taqaladi, yana mavzu kengayib ketadi.
Hozir iboraning mazmuni haqida 2 oğiz töxtalmoqçiman.
Jinoyat-protsessual huquqida şunday oltin qoida bor: sudning hukmi 3 ta talabga javob berişi kerak, ular qonuniy, adolatli va asoslantirilgan bölişi şart.
Hukmning asoslantirilgani tuşunarli, sudyalar işonçli va tekşirilgan dalillar asosida qaror çiqarişi kerak. Lekin şu örinda savol tuğiladi, qonuniy va adolatli nega ikkiga bölingan? Ular bir-biridan farq qiladimi? Qonuniy qaror adolatli qaror emasmi?
Yöq! Har qanday qonuniy qaror ham adolatli böla olmaydi. Qonun qoğozda yozilgan gaplar bilan ölçanadi, adolat esa insof, vijdon, insonparvarlik, iymon bilan ölçanadi. Qonunda hujjatdagi yozuvlarga qaraladi, adolatda esa ayni paytdagi real şaroit, holat va vaziyatga qaraladi.
Bu borada ustozlarimiz şunaqa misol aytişardi:
Tasavvur qiling, Siz sudyasiz va qölingizda 2 ta jinoyat işi bor.
Ikkalasida ham 18 yoşli ösmir jinoyat sodir etgan.
Ikkalasida ham öğrilik bölgan.
Ikkalasida ham dorixonani tunaşgan.
Ikkalasida ham 2 mln. sömlik dorilar öğirlangan.
Sudlanuvçilarning yoşi, jinoyatning turi, öğirlik joyi, miqdori bir xil.
Jinoyat kodeksining 169-moddasida (Öğrilik) uşbu holatda 3 xil jazo belgilangan:
1) EKIHning 300 baravarigaça jarima;
2) 2 yildan 3 yilgaça ahloq tuzatiş işlari;
3) 3 yildan 5 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş.
Yuqorida körsatilgan jazolardan birini bersangiz, qonundan çiqmagan bölasiz.
Qanday qaror çiqarasiz? Aytaylik, ikkalasiga ham 3 yildan jazo bersa, böladimi? Yoki 100 baravar jarima berasizmi?
Bunday vaziyatda adolatli qaror çiqariş uçun qolgan holatlarni ham sinçiklab örganiş kerak.
Birinçi sudlanuvçi garçi 18 yoşga kirganiga qaramasdan 5-bora öğirlik sodir etmoqda va buni öziga kasb qilib olgan. Dorixonaga kirişidan maqsad, kassani ömariş yoki qimmat dorilarni öğirlab sotiş bölgan.
Ikkinçi sudlanuvçining esa otasi erta vafot etgan, faqat onasi va 5 yaşar kiçkina singlisi bor. Onasi qattiq betob bölib qolgan, şifokorlar falon dorilarni olib kelsang, onang yaşaydi, yöqsa undan ayrilib qolasan, deyişgan. Dorixonaga öğirlikka kirişidan maqsad, onasini qutqarib qoliş.
Xöş, endiçi? Qanday jazo berasiz? Ikkalasiga ham bir xilmi?
Mana şu vaziyatda Siz ikkalasi uçun ham bir xil – aytaylik 2 yilga ozodlikdan mahrum qilsangiz, hukmingiz qonuniy, ammo adolatsiz hukm böladi.
Yoki şu vaziyatda ikkinçi sudlanuvçiga 200 baravar jarima solsangiz ham hukmingiz qonuniy, lekin adolatsiz böladi. Sababi bunaqa pul unda yöq, öğirlikka ham aynan puli yöqligi uçun qöl örgan.
Bunday vaziyatda ikkinçi sudlanuvçining holatidan kelib çiqib, Kodeksda nazarda tutilmagan yengilroq jazo tayinlaş ham mumkin. Bu ham qonuniy, ham adolatli hukm böladi.
Ayrimlar Jinoyat kodeksida nima uçun jinoyatlarga aniq, konkret bitta jazo belgilanmagan, yengildan tortib oğirigaça bor, bu esa korrupsiyani keltirib çiqaradi, deyişadi. Ammo bu fikrga qöşilmayman. Jazolarning konkret emasligiga asosiy sabab - adolatni taʼminlaş! Çunki turli vaziyatda turliça holat böladi, bunday holatlarni esa qoğozdagi qonun emas, sudyaning adolati hal qiladi.
Qissadan hissa, har qanday qonun ham adolat degani emas. Adolat qonunlardan ança ustun.
Ertaga tuğilgan kunini nişonlaydigan Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinayotgan barça qonunlar adolatli bölsin, Oliy Majlis aʼzolari, Prezident, qonun qabul qilinişida iştirok etadigan mutasaddi taşkilotlar xalqimiz uçun adolat qiladigan qonunlarni qabul qilişda jonbozlik körsatişsin, yurtimizdagi sudyalar va mansabdor şaxslar esa şu qonunlarni adolatli ijro etişsin. Ilohim, qonunlari köp, ammo adolati yöq davlatlardan bölib qolmaylik.
Post tugadi.
👉 @xushnudbek 👈
- 👍 1250

