Avloniy tarixiy filmi haqida taqriz va şaxsiy fikrlar
«Avloniy» - özbek kinosidagi yangi sahifami?
Yaqinda «Avloniy» tarixiy filmining yopiq premyerasida iştirok etdim. Oçiq premyera esa Toşkentda juma kuni böldi. Ertaga soat 15:00da Samarqanddagi «Şarq yulduzi» kinoteatrida “jonli” premyera bölarkan (rejissor va aktyorlar bilan birga).
Film haqida turli fikrlar yangramoqda. Ayrimlar “özbek kinosidagi yangi sahifa” deb nomlaşmoqda. Aslida ham şundaymi? Quyida ayrim fikrlarim bilan örtoqlaşmoqçiman.
Eng avvalo tomoşabinni öziga jalb qiluvçi asosiy faktorlardan biri - ssenariy muallifi elimiz suygan rahmatli adib Tohir Malik ekanligidir (Muqaddas Usmonova bilan tandemda). Ssenariyga yozuvçimizning «Qaldirğoç» qissasi asos bölgan.
Ikkinçi muhim jihat, bizda ham tarixiy kinolarga qöl urilayotganidir. Ayniqsa jadidçilik haqidagi filmlar paydo bölayotgani quvonarli hol.
Uçinçidan, Avloniy şaxsining özi bizda yetarli darajada örganilmagan. «Tarbiya biz uçun yo hayot, yo mamot...» deya boşlanuvçi hitobni million marta takrorlaymiz, ammo kezi kelganda Avloniyning qaysi şaharda tuğilganini ham eslolmaymiz.
Filmni ana şunday katta qiziqiş bilan tomoşa qilgaç, asosiy xulosam şu böldiki — “özbek kinosidagi yangi sahifa” degan nom juda börttiriş ekan, lekin har holda körib bölmaydigan darajada yomon film ham emas.
Film Avloniyning hayot va ijodiga bağişlanmagan, faqat u iştirokidagi qisqa bir davr (voqea) tasvirlangan. Yaʼni film maqsadi Avloniy şaxsini oçib beriş bölmagan. Masalan, filmni körib, tomoşabinga «Avloniy qanday inson bölgan?» deb savol bersangiz, uning ruhiy çizgilarini, xarakterini tasvirlab bera olmaydi.
Filmda boş qahramonning roli deyarli sezilmagan — biror muammo Avloniy aralaşuvi bilan yeçim topmaydi, kulminatsion nuqtada jasorat körsatmaydi, voqealarda hal qiluvçi şaxsga aylanmaydi. Agar Avloniy obrazini olib taşlasak ham, filmda katta özgariş bölmaydi.
Filmning eng katta yutuği — liboslar, dekoratsiya va grim bölgan. Ijodiy jamoa öşa davr muhitini beriş uçun astoydil harakat qilişgani körinib turibdi. Masalan, film uçun maxsus 21 ta dekoratsiya qurilgan, 489 ta maxsus liboslar tiktirilgan, 100 dan ortiq rekvizitlar maxsus yasalgan.
Ammo texnik tomondan kamçiliklar ham seziladi:
• ayrim sahnalarda ranglar tabiiy emas (yaşil libos bir pasda olovrang libosga aylanib qolgan, ötlar, çang, oy nuri ranglari asliyatga unça töğri kelmaydi);
• rus va ingliz tilida gapirgan qahramonlarga bir ayol özbekça tarjimani öqigan, lekin bunday sahnalar köpligi odamni çalğitgan. Yoki subtitr beriş kerak edi, yoki hamma qahramonlar özbekça gapiraversin edi. Masalan, Afğonistonda hamma personaj özbekça gapirgan-ku. Töğri, Eldor Asanov afğon amiri Omonullaxonning özbekça bilgani haqida yozgan bölsa-da, lekin baribir afğonlarning kundalik hayotdagi sözlaşuv tili özbekça bölmagani aniq şekilli;
• filmda yaqqol kulminatsiya yöq, bir tekis ketgan. Masalan, film boşidan tomoşabinni delegatsiya orasidagi sotqinning kimligi öylantiradi, barça öziça taxmin qiladi. Ammo öşa sotqin ham heç bir kulminatsiyasiz, oddiy bir sahnada foş böladi. Yaʼni tugun juda oddiy yeçiladi;
• kadrdan kadrga ötişdagi effektlarda ham köp bora ZTM (zatemneniye, yaʼni ekran töliq qop-qora bölib, yonadi) qöllanilgan. Bunaqa effekt odatda oradan uzoq vaqt ötganda yoki butunlay voqealar rivoji özgarganda işlatilsa, maqsadga muvofiq bölardi.
Yuqoridagilar öta şaxsiy fikrlarim albatta. Kino böyiça katta mutaxassis emasman, oddiy tomoşabin sifatida körganlarimni yozdim.
Masalan, premyerada qatnaşgan blogerlar Şahnoza Töraxöjayeva va Aziza Qurbonavalarga film juda ham yoqibdi. Şundan ham biliş mumkinki, kimgadir yoqar raʼno, kim atirgul şaydosi ))
Asosiy xulosam şuki, bu kabi tarixiy filmlarni köpaytiriş tarafdoriman. Balki boşida tajribasizlik qilinar, xatolar ham bölişi tabiiy, lekin jarayonning özi odamga umid beradi. Har holda boyning qiziga yetişa olmay, yiğlab yurgan yigitlar haqidagi “öldim-kuydim”, baçkana filmlardan «Avloniy» kabi kartinalar ölsa, öligi ortiq.
👉 @xushnudbek 👈

