Özbekistonda iqlim özgarişi va suv tanqisligi muammosi
Keling, xonadagi fil haqida gaplaşamiz.
Farhod Fayzullayev özining Telegram kanalida yaxşi post qoldiribdi. Şuni töliqligiça eʼlon qilmoqçiman:
«Ingliz tilida there is an elephant in the room — «xonada fil bor» iborasi mavjud. Oçiq-oydin körinib turgan, ammo odamlar muhokama qilişni istamayotgan muammoga nisbatan işlatiladi.
Xonadagi fil — bu iqlim özgarişi. 2019-yilning iyul oyi ölçaşlar boşlanganidan buyon eng issiq oy bölibdi. 2015—2018-yillar tarixdagi eng issiq yillar deb topilgan. Toşkentdagi iyul oyi harorati örtaçadan 5—7 daraja yuqori bölgan.
Masalan, şu yili iyul oyining bir kunida Grenlandiyada 11 milliard tonna muzliklar erib ketgan. Bir kunda 11 milliard tonna.
Özbekiston prezidentining 5742-sonli farmoniga köra, yurtimizdagi ekinzor yerlarning suv bilan taʼminlaniş darajasi sönggi 15 yilda 3048 kub metrdan 159 kub metrga tuşib qolgan.
Ekinlarni suğoriş uçun suv ÖN TÖQQIZ barobarga qisqargan.
Jurnalist Nikita Makarenkoning maʼlumotlariga qaraganda, 15 yildan keyin Özbekistonda nafaqat ekinlar uçun, balki odamlar uçun ham suv yetişmay qoladi.
Menimça bu vahima qiladigan, bong uradigan muammo. Bunday ketişda suv tanqisligi va, oxir oqibatda, oçarçilikka olib kelişi mumkin bölgan vaziyatga tuşişimiz mumkin.
Albatta, Özbekiston atmosferani zararlantiriş böyiça yetakçi davlatlar qatoriga kirmaydi. Xitoy, Hindiston, AQŞ kabi davlatlar havoga juda köp zararli moddalar çiqaradi. Ammo sayyora bir. Biz ifloslantirmayapmiz, deb qöl qovuştirgan bilan muammo bizni çetlab ötmaydi.
Şuning uçun biz iqlim özgarişiga moslaşişimiz kerak. Suvni tejaşimiz, kam suv talab qiladigan mahsulotlar yetiştirişimiz, qişloq höjaligidan köproq ilmiy resurs talab qiladigan mahsulot işlab çiqarişga ötişimiz kerak.
Orol quriyotgan bir paytda, dunyoda suv tanqisligidan eng köp aziyat çekişi mumkin bölgan davlatda şahar köçalaridagi ekinlarni suğorişda yöl qöyilayotgan isrofgarçiliklarni körib yoqangni uşlaysan kişi — suv jonivor oqib yotibdi.
2014-yil Kaliforniyada bölganimda, u yerda qurğoqçilik edi. Özi Kaliforniyada, menimça, suv juda taqçil. Şu sababli köçadagi çim şağal yoki daraxt qobiğiga almaştirilayotgandi. Suv kranlari avtomatiga almaştirilib, suv kam tuşadigan qilingandi. Hojatxonalarda ham dastagini burasangiz, ozgina suv tuşadi.
Turkiyaning Antalyasida bölganimda esa köçadagi öt tomçili suğoriş tizimiga ötkazilganini körganman.
Işqilib, iqlim özgarişini inkor qilib bölmaydi. U Özbekistonga salbiy taʼsir qilayotgani hukumat tomonidan tan olingan. Ammo harakat kam, harakat juda kam.
Kundalik muammolar bilan öralaşib qolganmiz. Tonirovka, göşt narxi, siti-şmitilar. Strategik masalalar esa çetda qolib ketayotgandek. Hozir iqlim özgarişining jamiyat muammolari qatorida muhokama qilinişini körmayapman.
Vahima kötariş kerak bölgan muammo. Vahima kötarib, keyin harakat qiliş kerak. Aks holda keç qolişimiz mumkin.
Aytingçi, iqlim özgarişi va suv tanqisligini sezyapsizmi?»
Post tugadi.
👉 @xushnudbek 👈
