Özbek tiliga doimiy propiska berilarmikin
Özbek tiliga doimiy propiska berilarmikin?
Bugun özbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yillik yubileyi keng nişonlandi. Prezident iştirokida davlat tadbiri bölib ötdi. Agar 90-yillarning boşida bölgan bölmasa, unda esimni taniganimdan buyon özbek tiliga oid tadbirda şaxsan davlat rahbari iştirok etganini eslolmayman. Bunisi menimça, birinçi marta.
Prezident öz nutqida özbek tilining mavqeini oşiriş kerakligi haqida sözladi. 21-oktabr «Özbek tili bayrami kuni» deb eʼlon qilindi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamaşunoslik komissiyasi tuziladigan bölibdi.
Xullas, faqat va faqat odamga umid beradigan yaxşi gaplar. Prezident matbuot xizmatining taʼbiri bilan taʼkidlasak, «ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xuşxabarni katta xursandçilik bilan qarşi oldi».
Endi şu gaplar amaliyotga ham köçarmikin? Çunki amaliyotda özbek tilining ahvoli havas qilgudek emas.
Respublika darajasidagi aksariyat davlat taşkilotlarida iş yurituv faqat rus tilida. Qonunlar va qonunosti hujjatlar odatda rus tilida yoziladi, keyin özbek tiliga tarjima qilinadi. Ayrim taşkilotlar normativ-huquqiy hujjjatlar loyihalarini uyalmasdan faqat rus tilida eʼlon qilişadi, xuddiki rus tilini bilmaydigan özbeklarga bu qonunlar taalluqli emasdek. Yirik tadbirlar rus tilida boşlanib, rus tilida tugaydi. Hamma özbekça gapiradigan joyda ham qaysidir amaldor albatta rusça maʼruza qilişga harakat qiladi. Taşkilotlar bir-biriga rus tilida xat yozadi. Javobni ham rus tilida olişni istaydi.
Köçalar va internet rus tilidagi reklama bannerlari bilan tölib-toşgan. Toşkentku mayli, hatto viloyatlar va çekka tumanlarda ham rusça banner joylaştiriş odatga aylangan. A, baraka topgur, u yerda faqat özbeklar yaşaydiku, deyarli butun tuman özbek tilida gaplaşadiku, deb özlariga savol berişmaydi.
Özbek tilini xuddi Toşkentda yaşayotgan, lekin doimiy propiskasi yöq viloyatlikka öxşataman. Yaʼni u öz puliga uy sotib olgan, ammo propiskasi yöqligi uçun birovning nomiga uyni rasmiylaştirişga majbur bölgan. Qonunçilikka köra, öşa uyda yaşaşi uçun ijara şartnomasi ham tuzib qöygan. Şu sababli u öz puliga sotib olgan uyda özi ijarada yaşaşga majbur. Öz uyida özi xöjayin emas.
Özbek tili ham öz uyida ijara yaşayotganga öxşaydi xuddi. Baʼzan ayrim masalalarni kuzatib, beixtiyor şunaqa fikr paydo böladi.
Bugungi xabarlar ortidan vaziyat yaxşi tomonga özgarişiga ilinj paydo böldi. Buning uçun önlab qonun, farmon va qarorlar qabul qilinişi öz yöliga, lekin eng asosiysi yuqoridan kuçli xohiş va siyosiy iroda bölişi kerak edi.
Tez orada özbek tiliga doimiy propiska beriladi va öz uyida özi xöjayin bölib yaşaydi, degan umiddamiz.
👉 @xushnudbek 👈



