Toşkentda Ölmas polk yurişini ötkazişga urinişlar
Manba:Muhrim / Муҳрим
9-may yaqinlaşgani sari, öroq-bolğali bayroqni kötarib yuriş iştiyoqmandlarining “Ölmas polki” yana muhokama mavzusi bölib yuzaga çiqa boşlaydi. Putin Rossiyasining propaganda vositalaridan biriga aylantirilgan bu tadbirning ötkazilişiga Özbekiston rasmiylari qonuniy qarşilik qilolmasin deya uning özimizdan çiqqan taşkilotçilari bir yil rosa işlaşibdi (maqsadiga yetolsa, ularning işini örgansa arzigulik). Hayron qolasiz — Toşkentda qizil bayroq ostida yuriş qiliş uçun ular SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1988-yildagi farmonini asos qilib körsatayotgan ekan. Şu asos bilan Konstitutsiyaviy sudimizga ham murojaat qilişibdi. Qiziği, Konstitutsiyaviy sudimiz SSSRning öşa farmoni mustaqil Özbekistonimizda hali ham amalda (!) ekanini taʼkidlabdi.
Öşalarning yozişiça, 28-mart kuni Toşkent şahar IIBBda bölgan uçraşuvda boşqarma xodimlari “polk”çilar öz yurişini ötkazişi uçun ularga yordam körsatişga tayyorligini bildirgan — qiziq, IIBB hammaning ham şu “polk”nikiga öxşaş köça yurişlarini ötkazişga yordamni körsatişga tayyormikin? (albatta, bu yerda bir “lekini” bor — IIBBdagilar yordam körsatilişi uçun boşqa organlar, aniqroği, şahar hokimligidan körsatma kerakligini aytgan; “polk”çilar qonunçiligimizni şunçalik suv qilib içib yuboribdiki, IIBB ularning iltimosi böyiça qaror qabul qilişi uçun boşqarma heç kimdan körsatma olişi şart emasligini IIBBga hijjalab tuşuntirib beribdi).
Şunaqa vaqt mayda, lekin yoqimsiz detallar har doimgidan ham yorqinroq körinaveradi. Agar ruxsat berilsa, “Ölmas polk”ning yurişi Birodarlik qabristonidan boşlanib, Grand Mir mehmonxonasi oldidan Mirobod köçasiga burilib, Xotira maydonidagi Mangu olovgaça davom etarkan. Eʼlon qilingan çizmada (IIBBga ham şu xarita berilgan bölsa kerak) mehmonxona nomi “Rossiya” deb körsatilibdi. Töğri, xalq orasida hali ham şu nom maşhurroq, boşqa “polkparastlar”ga tuşunarliroq bölsin deyişgandir, balki. Lekin, şunça xat-hujjatda har narsani öz (rasmiy) nomi bilan atab, xaritaga kelganda mehmonxonaning eski nomini eslab qolişgani ğalati körindi.
Yana bir jihat: IIBB boşliği nomiga berilgan arizada ötkazilmoqçi bölinayotgan tadbir şunday ataladi: “1941—1945-yillardagi Uluğ Vatan uruşidagi Ğalabaning 77 yilligiga şarafiga ‘Ölmas polk’ xalq-vatanparvarlik yurişi”. Şu tadbirni ötkaziş işqidagi faollarning Telegramdagi kanali taʼrifiga esa bunday yozilgan: “1941—1945-yillardagi Uluğ Vatan uruşidagi SSSR Ğalabasi şarafiga ‘Ölmas polk’ xalq-vatanparvarlik yurişi va şunga boğliq mavzular”. IIBBga berilgan arizada ğalaba SSSRniki ekanini eslatişmabdi. Şu joyida sal hijolat bölişgan, şekilli. Özlarining nosamimiyliklaridan, maqsadlari bor-yöği öşa uruşda halok bölganlarni eslaş emas (şugina bölsa, bayroq kötarib, köçada yuriş şart emas-ku), maqsadlari sal boşqaçaroq, sal siyosiyroq ekanidandir, balki.
Darvoqe, Toşkentda “Ölmas polk”ni ötkaziş uçun qonunçiligimiz bilimdoniga aylangan öşa faollarning öşa kanalida xarkovlik bir kollaboratsionist (özbekçasiga aytganda — qip-qizil sotqin)ning SSSR bayroği fonida ukrainalik harbiylar va politsiyaçilarga yöllagan videomurojaati berilgan ekan. Sotqin öz murojaatida ukrainaliklarni qarşilik körsatişdan tiyilib, “maxsus operatsiya”ni qöllab-quvvatlaşga va Kiyev sari yurişga qöşilişga çaqirgan. Kanal mualliflari bu videodagi faqat bir narsaga — bayroqqa eʼtibor qaratgan: “Mana şu töğri. Bu yerda SSSR bayroği haqiqatan ham faşizmga qarşi turibdi va millatlarga ajratmagan holda xalqlar döstligini ifodalamoqda” (aftidan, Kiyevda rostdan ham faşistlar ötiribdi, demoqçi). Kanalda Ukrainaga aloqador yana bir-ikki video bor. Özbekistonda “Ölmas polk” ötkaziş orzumandlari öşa videolar böyiça taxminan şunday fikrlar qoldirgan: “Qarang, tanklardagi SSSR bayroqlarida öroq-bolğalar qiyşiqroq, notöğriroq ekan. Aliekspressdan olingan-da, u yerda şunaqa xato varianti sotiladi. Yaxşisi qölda tayyorlagan maʼqul”.
Endi men şu odam(lar) Toşkent markazida töda-töda bölib, faqat va faqat uruşda halok bölgan ota-bobolarini xotirlamoqçi ekaniga, şundan boşqa maqsadlari, ayniqsa, siyosatga aloqasi yöqligiga işonişim kerak.
- 👍 2348

