Yana bir marta Jahon çempionatiga çiqsak, Pokiston deyişlaridan deyarli töliq qutilamiz
❗️Yana bir marta Jahon çempionatiga çiqsak, Pokiston deyişlaridan deyarli töliq qutilamiz
AQŞda yangi tong otdi. Yangi kun keldi. Emotsiyalar ketdi, alamlar biroz aridi. Avval aytganimizdek, har tun ortidan albatta tong otadi.
Biz intiqib kutgan ilk tarixiy Jahon çempionati biz uçun tugadi. Uçala öyinimizni öynab böldik.
Ha, afsuski, uçta mağlubiyat. Umuman olganda, 2 ta mağlubiyat boşidan kutilgandi, uçinçi öyinda nimadir qilarmiz, deb umid qilayotgandik. Demak, deyarli kutilgan natijalar böldi, sal yaxşiroğidan umid qilgandik.
Jahon çempionatida qabul qilgan mağlubiyatlarimizni tarozining bir pallasiga, olgan yutuqlarimizni boşqa pallasiga qöysak, şubhasiz, yutuqlar bosib ketadi.
ENG KATTA YUTUQ — bu Özbekistonning imidji uçun böldi. Milliardlab inson dunyoda Özbekiston degan davlat ham borligini, bayroği qanaqaligini, ilk marta Jahon çempionatiga çiqqanini körişdi, madhiyamizni eşitişdi.
Şaxsiy xulosam şu böldiki, kelgusi 2030-yilda ham yana bir marta Jahon çempionatiga çiqsak, xorijda Özbekiston deganda Pokiston yoki Afğoniston deb tuşunişlariga deyarli barham beramiz. Hozirgi mundialda ham taxminan 50-60% yöqotişga erişa oldik.
Özbekiston yillar davomida özini reklama qiliş uçun bir neça yuz millionlab dollarni sarflasa ham ololmaydigan samarani bitta Jahon çempionatida oldik. Bu futbolning qanaqa katta kuç ekanini körsatadi.
Uşbu yutuq bilan hammani tabriklayman. Albatta, bu qöl bilan uşlab bölmaydigan, hamma öz tanasida bittada his qila olmaydigan yutuq. Lekin, işoning, bu Özbekistonning har bir fuqarosi uçun bilvosita taʼsir qiladigan ğalaba.
MAĞLUBIYATLAR — bu xuddi qişloqning töylarida qöşiq aytib, hammaning “lyubimçigi” bölib yurgan qöşiqçi ilk bor katta sahnada professional konsert qöyib, aslida qanaqa darajada ekanini bilib olganga öxşaydi. Biz ham aslida qanaqa darajada ekanligimizni bilib oldik.
Murabbiyning taktik xatolari, futbolçilarning kuçsiz jismoniy va ruhiy holati-yu, nönoq texnikasi, hammasini kördik. Nafaqat terma jamoaning öyini, balki uning atrofidagi boşqa masalalarda ham professional emasligimizni, özimizning qişloq darajasida yurganimizni bilib oldik. Forma tanlaş va sotiş deysizmi, milliy jamoa brendini yaratiş deysizmi, muxlislik deysizmi, jurnalistlar jamoasining işlaşi deysizmi, ekspertlar tahlili deysizmi, xullas, Jahon çempionatiga aloqador nimaiki bölsa, ança orqada ekanligimizni kördik.
KÖRDIK. Şu joyi muhim. Avval buni köra olmasdik, çunki qişloğimizdan taşqariga çiqmayotgandik. Bu xuddi kasal odam yillar davomida şifokorga bormasdan yurganiga öxşaydi. Biz nihoyat bordik öşa şifokorga! Tibbiy tahlillar topşirdik, qölimizda natijalar turibdi. Rentgen qoğozida 3 ta grijamiz borligi, qon tahlillarida qandli diabetimiz yuqoriligini körib turibmiz. Endi navbat — DAVOLANIŞGA!
Şifokorga bormasak, kasalimiz ham çiqmasdi, baxtli bölib yuraverardik, töğrimi? Lekin umrimiz ham tobora qisqarib boraverardi. Butunlay ölib qolmasimizdan oldin şifokorga bordikmi, endi yana bahona qilmasdan, tezroq davolanişni boşlaylik. Diyeta qilaylik, dorilarni içaylik, öz ustimizda işlaylik, turmuş tarzimizda qatʼiy rejim örnataylik, xullas — ÖZGARAYLIK!
Özgariş davri keldi!
Davolaniş davri keldi!
Soğayiş davri keldi!
Turing örningizdan, kasal ekanman, voy-dod ölaman, deb töşakda yiğlab yotavermang. Hayotga qayting. Kuraşing. Harakat qiling. Kuçli xohlang. Işoning.
Bu gaplar hammaga tegişli — futbolçilarga, murabbiylarga, futbol mutasaddilariga, muxlislarga, jurnalistlarga, HAMMAGA!
Yoki birgalikda tuzalamiz, yoki birgalikda ölamiz.
Men tuzaliş tarafdoriman, siz-çi?
👉 @xushnudbek 👈
- 143 Telegram Stars



